Vaqf so`zi nimani anglatadi?

“Vaqf” so`zi lug`atlarda “tutib turish”, “to`xtatish” ma'nolarida keladi. Vaqfning shar'iy ta'rifi borasida turli fikrlar bildirilgan. “Vaqf - narsani Alloh mulki hisobida saqlashdir”. Ya'ni, vaqf qilingan narsa vaqf qiluvchining mulkidan chiqadi va Alloh mulkiga aylanadi. Vaqf qilingan narsadan keladigan foyda vaqf qiluvchi uni vaqf etishda tayinlagan jihatga (masalan, talabalar, musofirlar, kambag`allar kabi) sarf qilinadi va savobi vaqf qiluvchiga abadiy bo`ladi. Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros bo`lmaydi. 

O`zbekiston Milliy entsiklopediyasida vaqf haqida quyidagi ma'lumotlar keltirilgan:

“Vaqf” so`zi arabchadan olingan bo`lib — musulmon mamlakatlarida davlat yoki ayrim shaxslar tomonidan diniy ehtiyoj yoki xayriya ishlari uchun ajratilgan mol-mulk. Vaqfnoma orqali rasmiylashtiriladi. Yer-suv, uy-joy, maktab, masjid, shifoxona va boshqalar vaqf mulki bo`lishi mumkin. O`z mulkini vaqfga topshirgan shaxs mazkur mulkka nisbatan egalik huquqini yo`qotadi. Lekin uning o`zi yoki oila a'zolari yoxud uchinchi bir shaxs vaqf mulkidan vaqfnomada qayd etilgan maqsadlarda foydalanilayotganligini aniqlash uchun vaqf mulkini boshqarish huquqini saqlab qolishi mumkin. O`z mulkini vaqf mulki sifatida topshirgan shaxsning farzandlari yoki boshqa avlodlari mazkur vaqf mulkidan keladigan daromadlardan nafaqa olib turishi mumkin. Vaqf mulkini shariat qonuni bo`yicha davlat boshlig`i yoki qozi nazorat qiladi. Bu tartib Sharqning ba'zi mamlakatlarida hozir ham amalda. 

Vaqf quyidagi ikki ishning biri bilan hosil bo`ladi:

  1.  «Shu joyni vaqf qildim yo uni masjid qildim» deganga o`xshash vaqfga dalolat qiluvchi so`z bilan.
  2. Odamlarning urfida vaqfga dalolat qiluvchi ish-fe'l bilan. Masalan, hovlisini masjid qilib qo`yib, unda hammaga namoz o`qishga izn berganga o`xshash yoki er-mulkini qabriston qilib, unga hammaning dafn qilinishiga izn berganga o`xshash.

 

Vaqf qilish haqidagi lafzlar ikki qismga bo`linadi: 

Birinchi qism: Ochiq lafzlar. Vaqf qildim, vaqfga ushladim, foydasini hammaga qildim, (vaqf deb) atadim kabi. Bular ochiq lafzlar bo`lib, odatda vaqfdan boshqa ma'noga dalolat qilmaydi. Shu lafzlardan birini aytgan bo`lsa, shu bilan vaqf bo`lib qolaveradi va yana qo`shimcha boshqa ishga hojat qolmaydi.

Ikkinchi qism: Kinoya (ya'ni, vaqf ma'nosi tushuniladigan) lafzlar. Masalan, sadaqa qildim, (o`zimga) harom qildim, abadiylikka qoldirdim deganga o`xshash so`zlar. Bu kabi so`zlarni kinoya deb ataladi. Chunki, ulardan vaqf ma'nosi ham, boshqa ma'no ham tushunilishi mumkin. Ushbu lafzlardan birontasini aytsa, u bilan vaqfni niyat qilgan bo`lishi ham shart qilinadi. Yoki u bilan birga ochiq vaqfni ifoda etuvchi lafzlardan birontasini qo`shib aytishi yoki kinoya lafzlaridan yana birontasini qo`shishi shart qilinadi. Masalan: «Shuncha narsani vaqf qilingan sadaqa qildim yo (o`zimga) harom qilingan sadaqa qildim yo abadiylikka qoluvchi sadaqa qildim», deganga o`xshash yoki «Shuncha narsani sotilmaydigan va meros qo`yilmaydigan sadaqa qildim» deganga o`xshash.

"VAQF"xayriya jamoat fondi.

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.vaqf.uz ga havola ko'rsatilishi shart

©“Вақф” Barcha huquqlar himoyalangan 2018-2025