Alloh taologa hamd, Payg`ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salotu durudlar bo`lsin.
Surunkali kasallik bilan xastalangan, ro`za tutish ularning salomatligiga ziyon etkazishi mumkin bo`lgan uzri borlar Ramazon ro`zasini tutishdan ozod etilgan. Buning uchun ularga gunoh yozilmaydi, zero Qur'oni Karimda bunday marhamat qilinadi: “… bemorga ham gunoh yo`qdir…”(Nur surasi 61-oyat). Boshqa bir oyatda: “…dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi…” (Haj surasi 78-oyat) deyiladi.
Bunday kishi ro`za tutmaganligi uchun fidya to`lashi lozim. Bu haqda Qur'onda shunday deyiladi: “Sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo`lsa, sanog`i boshqa kunlardandir. Madori etmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo`lganidan ortiq fidya bersa), o`ziga yaxshi. Agar bilsangiz,ro`za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir” (Baqara surasi 184-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Kimga qarilik etgan bo`lsa va u Ramazon oyining ro`zasini tuta olmasa, har bir kuni uchun bir mudd bug`doy miqdorida fidya to`lashi shart”, – degan (Doriqutniy, Bayxaqiy).
Ibn Abu Laylo bunday so`zlab berdi: “Bizga Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ashoblari aytib berishganki, Ramazon (oyati) nozil bo`lganda bu ularga og`ir kelgan ekan. Shu bois, qiynalib tutadiganlar orasida har kuni bir miskinni taomlantirib, ro`zani tark qilganlar ham bo`lgan ekan. Ularga shunga ruxsat berilgan ekan. Keyin buni “Va ro`za tutishingiz siz uchun yaxshidir” (degan oyat) nasx qilib, ro`za tutishga buyurilibdilar” (Buxoriy).
Bundan ko`rinadiki, ro`za tutishga qodir bo`lmagan kishi fidya to`laydi, basharti vaqt o`tishi bilan u qodir bo`lib qolsa, qazosini tutib beradi.
Fidya “fido qilish” ma'nosini anglatadi va shariatga ko`ra, ro`za tutishga qodir bo`lmagan insonning (qari, kasal, musofirlar) uning o`rniga sarmoya sarflashi “fidya berish” deb tushuniladi. Hanafiylikka ko`ra fidyani Ramazon oyining boshida yoki oxirida to`lash mumkin.
So`zimiz so`ngida, Alloh taolodan barcha xasta musulmonlarning dardlariga shifo berishini va gunohlarini afv etishini so`raymiz.