09.11.2021
210
Ey iymon keltirganlar! Sizga rizq qilib bergan narsalarimizdan na oldi-sotdi, na oshna-og`aynichilik va na shafoatchilik yo`q Kun kelmasidan oldin infoq qiling. Va kofirlar – o`shalar zolimlardir.
Ushbu oyatda Alloh O`z bandalariga yana ularga yoqadigan sifatlar ila:
«Ey iymon keltirganlar!» – deb xitob qilmoqda. Bu sifat bandalarni Robblariga bog`lab turadigan sifatdir. Chaqiriq esa mol-dunyo sarflashga, nafaqa qilishga qaratadir. «Nafaqa» so`zining mohiyatida uni qayoqqa sarflash ma'nosi ham jo etilgandir, ya'ni nafaqa deganda, molni Alloh ko`rsatgan joylarga sarflash tushuniladi. Shuning uchun bu erda nimaga nafaqa qilish masalasiga alohida urg`u berilmagan. Lekin nimadan nafaqa qilish eslatilmoqda:
«Sizga rizq qilib bergan narsalarimizdan…»
Demak, Alloh taoloning O`zi bergan narsadan ba'zi qismi O`zi ko`rsatgan joyga sarflanar ekan. Hamda nafaqaning vaqti ta'kidlanyapti:
«…na oldi-sotdi, na oshna-og`aynichilik va na shafoatchilik yo`q Kun kelmasidan oldin…»
Ya'ni qiyomat bo`lmasdan burun nafaqa qilib qolinglar. Bugun sizlarda bunday imkoniyat bor. Chunki qiyomat kunida savdo-sotiq qilib, mol-dunyoni ko`paytirishga hojat qolmaydi, oshna-og`aynichilik asosida ish bitirib bo`lmaydi, o`rtaga vositachilarni shafoatchilarni qo`yib ham ish bitirilmaydi. Bu erda ko`proq kichik qiyomat – o`lim haqida so`z boryapti. Kim o`lsa, uning qiyomati qoim bo`ladi. Shuning uchun o`limdan oldin mol-dunyoni nafaqa qilib, ko`proq savob ishlab olish kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Tafsiri hilol kitobidan)
Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.vaqf.uz ga havola ko'rsatilishi shart
©“Вақф” Barcha huquqlar himoyalangan 2018-2025