3

08.11.2021

162

Dunyoning avvali – So`z bo`lgan. Alloh taoloning “BO`L!” degan kalomidan so`ng Yer va Osmon, barcha olamlar paydo bo`lgan – bunga shaksiz iymon keltiramiz. Demak, dunyoning asosi qandaydir “materiya” emas, balki SO`Zdir.

         So`zni qo`l bilan ushlab, yoki ko`z bilan ko`rib bo`lmaydi. Lekin u shubhasiz, mavjud. Yana, So`z – beqiyos katta kuchga ega!

        Huddi shunga o`xshash, niyat ham ko`zga ko`rinmaydi. U kishi ongida paydo bo`ladi. Ayonki, niyatni so`z bilan ifodalash mumkin. Har bir ish yoki jarayon avvalo niyatdan boshlanadi. Niyat, o`rni va mohiyatiga qarab, “dastur”, “istiqbolli reja”, yo`l xaritasi hokazo nomlanishi ham mumkin. Masalan, deyarli barcha insonlarda yaxshi o`qish, farovon hayot kechirish, uylanish, farzand ko`rish, yaxshi uy-joy qilish... kabi fikr-niyatlar albatta bo`ladi. So`ngra, shu yo`lda mos ravishda, muayyan harakatlar amalga oshiriladi – ya'ni o`sha fikr moddiylashadi.

“Niyat” lug`atda bir narsani qasd qilishni anglatsa, shariatda bir narsani amalga bog`lab, qasd qilishga aytiladi. Islomda har bir narsaga niyat shart. Shuning uchun ham ko`pchilik fuqaholar har bir amalda niyat farzdir, deganlar.

Niyatning makoni qalbdir. Shu bois har bir ish xolis bo`lishi uchun qalbdan niyat qilish kerak. Agar qalbdan niyat qilib niyatni tilda ham zikr etsa, yanada yaxshi. 

         Hech bir ish yo`qki, niyatsiz bo`lib, darhol “maqsadga” o`tib ketilaversa! Deylik, tahorat olmoqchi bo`lsangiz, “Tahorat olishga niyat qildim. Bismillahir rahmonir rohiym”, deya avval ko`ngildan o`tkazib, so`ngra til bilan ifodalanadi. Ibodatga kirishishdan avval ham xuddi shunday, ya'ni, avval niyat dildan o`tkazilib, keyin til bilan aytiladi. Demak, Inson hayotidagi har qanday yaxshi-yomon holat, uning niyatiga chambarchas bog`liq.

Baxtli bo`lish uchun ham avval uni niyat qilish kerak. Buni hamma biladi-yu, lekin “tarki odat amri mahol” deganlariday iztirob chekib, tushkunlikka tushaveradi. Bu tabiiy hol, chunki bizdagi bu nuqson bolalikdan ildiz otib kelayapti-da! Ammo baribir, fikrimizni o`zgartirishga majburmiz. Biz noxush fikr-o`ylarimiz bilan nafaqat atrofdagilarni kayfiyatini buzamiz, balki o`z salomatligimizga ham jiddiy zarar etkazamiz.

         Ho`sh, fikrlash tarzimizni davolash mumkinmi? Mumkin. Buning uchun ramziy timsollar yordamida fikrlash usuliga murojaat qilib ko`raylik. Timsoliy fikrlay olish va uni xotirada jamlab turish juda muhim.

         Masalan, Siz orzu qilayotgan narsangizni xayolingizda tiklashingiz mumkin. Uyingiz, mebelingiz eski rusumdan qolgan. Siz esa ularni almashtirishni istaysiz. Lekin imkoningiz yo`q. Siz buni xayolan... xohlagan paytda bajarishingiz mumkin.

         Tasavvur qiling, hashamatli uyda o`tiribsiz. Hayolan xonaga istagan mebelni o`rnatib bezating, darpardalarni o`zgartiring… O`zingiz esa shinamgina, qulay oromkursilarning birida o`tirib, xushbo`y kofe ho`playapsiz... Hullas, noxush manzaralarni yoqimlisi bilan almashtirishni o`rganish zarur.

         Turmushdagi muammolarga kelsak… O`zingizni bemalol his qilayapsiz deylik. Shu damda o`zingizdan biron kasal izlamang sira. Agar izlaydigan bo`lsangiz, aynan o`sha xastalikka yo`liqishingiz turgan gap. Aksincha, o`zingizni soppa-sog` holatda tasavvur qiling. Bundan yaqinlaringiz qanchalar quvonishini, o`zingiz uchun esa yangi imkoniyatlar ochilishini o`ylang. Asosiy obraz mukammal tarzda chin xayotiy ko`rinishda, shuuringizga singishi lozim.

         Aslini olganda, biz avval boshdanoq timsoliy fikrlashni bilamiz. Faqat bugungi kungacha noxush narsalarni o`ylaganmiz xolos. Masalan, qachondir va qay darajadadir, ishxonadagi boshliqlar bilan bo`ladigan janjalni, oiladagi etishmovchiliklarni, narx-navo, er-xotin o`rtasida bo`ladigan janjallashishni o`ylaganmiz. Keyin esa bu fikriy timsollar chin hayotga ko`chadi-da!

         Masalan, bolangiz ko`chada hayallab qolsa, yaxshi narsa haqida o`ylaysizmi, yoki tashvishlanib yomon xayolga borasizmi? Albatta yomon xayollarga borasiz, chunki xavotirlanmay ilojingiz yo`q-da. Bunday paytda odam o`zini idora qilishi juda qiyin. Ammo shunga o`zingizni majburlashingiz kerak, aks holda noxush xayollaringiz hayotga ko`chadi, zotan fikr moddiy kuchga ega.

Islom dini yaxshi niyatsiz va maqsadsiz amallarni behuda hisoblaydi. Shu bois mo`min kishi nimalar qilayotganini anglab, aql-idrok bilan ish tutishi lozim. Misol uchun, tashqi ko`rinishidan Allohga ibodat qilayotgan kishining niyati ibodat bo`lmasa, uning namozi ibodat o`rniga o`tmagani kabi kunduzlari eyish-ichish va jinsiy yaqinlikdan o`zini tiygan kishi ham xolis niyat qilmasa, uning ro`zasi qabul bo`lmaydi.

    Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg`ambar sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, amallar niyatga bog`liqdir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo`ladi. Bas, kimning hijrati Alloh va Uning Rasuli uchun bo`lsa, uning hijrati Allohga va Uning Rasuliga bo`ladi. Kimning hijrati dunyo uchun bo`lsa, unga erishadi. Yoki ayol uchun bo`lsa, uni nikohlab oladi. Bas, uning hijrati nima uchun qilgan bo`lsa, o`shanga bo`ladi”, dedilar”.

Demak, biz bandalar niyat qilayotganimizda va og`zimizdan chiqayotgan so`zlarga ehtiyot bo`lishimiz lozim ekan. Zero, bir rivoyatda: “Mo`min kishining niyati amalidan yaxshiroq” (Imom Tabaroniy, “Al-Mu'jam al-kabir”, 6/185), deyilgan. 

 

Saidabror Umarov

Yangilik kategoriyalari

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.vaqf.uz ga havola ko'rsatilishi shart

©“Вақф” Barcha huquqlar himoyalangan 2018-2025