06.10.2021
132
Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning davrlarida ikki aka-ukalar bor edi. Biri Nabiy sollallohu alayhi va sallamni huzurlariga kelib, ilm o`rganar edi. Ikkinchisi hunarmandlik qilib, kun ko`rishar edi. Shu hunarmand ilm o`rganuvchi birodari ustidan (u ham ishlasin-da, qachongacha men ishlayveraman? – deb), Nabiy sollallohu alayhi va sallamga shikoyat qildi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: "Balki senga uning sababi(barakasi)dan mo`l rizq berilayotgandir?!" – dedilar".
Muhammad ibn Jarir at-Tabariy rahmatullohi alayhi «Tafsiri Tabariy» va «Ta'rixi Tabariy» asarlari bilan dunyoga tanilgan allomalardan biridir. U bolalikda Huroson tomonlardan 4 ta do`sti bilan Madinai munavvaraga o`qish uchun borgan ekan. Besh nafar tolibi ilm Madinaning o`sha davrdagi qaysidir madrasasida o`qishni boshlashibdi. Lekin, oradan to`rt oy o`tar-o`tmas ularning o`zlari bilan olib kelgan mablag`lari tugab qolibdi. Hech narsasi yo`q toliblar bir necha kun och qolishibdi. Darslari ham yurishmabdi, yangi kitob-daftarlar olishga ham pullari qolmabdi. Hayr-ehson qiladigan ham, homiylik qiladigan odam ham topilavermabdi. Ulardan yoshi kattarog`i: «Alloh bizning bu yurtlarga ilm uchun kelishimizni xohlamayapti, shekilli. Hech kim bizga qaragani yo`q. Ilm tahsili ham rivojlanmadi. Boshqa joyga ketish yoki o`z yurtimizga qaytib, boshqa ish bilan mashg`ul bo`lishimiz kerakka o`xshaydi», debdi. Ular ertalab o`z yurtlariga bosh olib ketishga kelishishibdi. Hamma narsani tax kilib, ertalab jo`nashni qasd qilishibdi.
Shu kechasi ular turgan honadon eshigi taqillabdi. Ochishsa, bir kimsa: «Ehsonim bor edi», deb turib «Qo`llaringizni oching», debdi. Ularning har birining qo`liga 3 dirhamdan pul berib, qaytib ketibdi. Ibn Jarir rahimaxulloh: «Alloh bizning o`qishimizni xohladi, mana. Endi, astoydil o`qiylik!», deb sheriklarini qolib o`qishni davom ettirishga undabdi. Musofir toliblar o`qishga kirishib ketishibdi. Berilgan uch dirham o`sha paytlarda roppa-rosa 15 kunga etar ekan.
O`n besh kun o`tganidan keyin kechasi hona eshigi taqillab, o`sha ehson qiluvchi yana kelibdi. Yana har birining qo`liga uch dirham-uch dirhamdan berib chiqibdi. Kelajakda buyuk olim bo`luvchi talabalar sergak tortishib, uning kimligini so`rashibdi. O`sha kimsa o`zining mushrik yahudiy ekanini va Madinada faqat uning oilasi qolib ketganini aytibdi. U «Tavrot»da: «Dunyodagi eng yaxshi xayr-ehson tolibi ilmlarga berilganidir!», degan oyat borligini, shuning uchun ularga xayr-ehson berayotganini ta'kidlabdi.
Shu hilda o`sha yahudiy saxovatpesha inson xar o`n besh kunda kelib, bolalarga uch dirham-uch dirhamdan pul berar ekan. Bu roppa-rosa qirq marta davom qilibdi. Yahudiy hisob qilib, qirq marta tolibi ilmlarga ehson qilibdi.
Shu orada ta'til boshlanib qolibdi. Ibn Jarir rahimaxulloh ta'tilda hajga otlanibdi. Makkaga kelib, Ka'batullohni tavof qilib yursa, oldidan usha yahudiy oppoq ehromlarda tavof qilayotgan holatda chiqib qolibdi. Bo`lajak alloma darhol uning qo`lini ushlabdi. Uning ahvolidan so`rabdi. Yahudiy o`z qissasini bunday so`zlabdi:
«Men sizlarga roppa-rosa qirq marta ehson qilganimdan keyin, qirqinchi ehson bergan kunim kechasi rasulingiz Muhammad Mustafo sollallolohu alayhi va sallamni tushimda ko`rdim. U zot menga: «Alloh taolo sening bu qirq martalik ehsoningni qabul qildi! Endi, senga kofir bo`lib yurishing yarashmaydi, musulmon bo`lib, jannatdagi o`z qasrlaringga ega bo`lishing kerak!», dedilar. Men 17 kishilik butun oilam bilan o`sha ertalab musulmon bo`lib, islomga kirdim. Mana hajga kelib, Allohning baytini ziyorat qilmoqdaman».
Qo`lida boyligi borlar, sahovatpesha insonlar!
Alloh bir mushrikni tolibi ilmlarga qilgan ehsoni tufayli imon ne'mati bilan sharaflantirib, jannat qasrlariga musharraf qilgan bo`lsa, sevimli payg`ambarimni tushida ko`rish sharafiga muyassar qilgan bo`lsa, siz imonli bo`lgan sahovatpeshalar bu ishni qilsangiz, naqadar buyuk fazilatga, naqadar ulkan xosiyat va sharofatlarga ega bo`lishingizni tasavvur qila olasizmi?!
Ey, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushida ko`rishni orzu qilayotgan insonlar! Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushingizda ko`rish imkoni bor: u ham bo`lsa, ixlosli, kelajagi buyuk tolibi ilmlarga ko`rsatadigan himmatingizdir! Jannatning eng oson yuli tolibi ilmlarga qilingan xolis ehsonlardir!
Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.vaqf.uz ga havola ko'rsatilishi shart
©“Вақф” Barcha huquqlar himoyalangan 2018-2025