10.11.2021
222
Bugungi brifingda O`zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan 2018-2021 yillarda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan masjidlarni moddiy qo`llab-quvvatlash, qayta qurish, joriy va kapital ta'mirlash uchun amalga oshirilgan ishlar va xayriya tadbirlari haqida axborot berib o`tamiz!
Ma'lumki, “Vaqf” fondi 2018 yil 16 aprelda muhtaram Prezidentimizning Farmonlari asosida tashkil etilgan vaqtda, masjidlar binolarini qurish, ta'mirlash, rekonstruktsiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda masjidlar xodimlarini, xususan imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qo`llab-quvvatlash fondning asosiy vazifalaridan qilib belgilangan edi.
O`tgan uch yildan ziyod vaqt mobaynida Fond tomonidan mazkur vazifalarni bajarish uchun salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, O`zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlar qurilishi, joriy va kapital ta'mirlash ishlari uchun
– 2018 yilda 10 ta masjidga 400 million so`m;
– 2019 yilda 17 ta masjidga 2 milliard 300 million so`m;
– 2020 yilda 26 ta masjidga 1 milliard 395 million so`m;
– 2021 yilda 32 ta masjidga 1 milliard 157 million so`m;
Jami, 85 ta masjidga 5 milliard 252 million so`m xayriya qilingan bo`lsa, aholining diniy-ma'rifiy ilmlarini oshirish va masjidlardagi kutubxonalarni yanada boyitish maqsadida:
– 2018 yilda 1290 dona;
– 2019 yilda 6286 dona;
– 2020 yilda 3222 dona;
– 2021 yilda 83 640 dona kitoblar, jami, o`tgan davr mobaynida qiymati 2 milliard 95 million 873 ming 640 so`mlik, 94 438 dona kitoblar masjidar uchun vaqf qilingan.
Shuningdek, 2020 yil may oyida Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida toshqin sabab vayron bo`lgan “Yusuf” masjidi fond tomonidan homiylar bilan hamkorlikda butkul yangidan bunyod etildi.
Alohida ta'kidlash joizki, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan moliyaviy nochor, kam daromadli masjid imom-xatiblari uchun fond tomonidan 2018 yildan uzluksiz oylik maosh tayinlanib, o`tgan vaqt mobaynida 6 milliard 976 million so`mdan ziyod mablag`lar maosh sifatida to`lab berildi.
Bundan tashqari, pandemiya davrida respublikamizdagi 2090 dan ortiq masjidlarda mehnat qilayotgan imom-xatib, imom noibi, mutavalli, muazzin, qorovul va boshqa texnik xodimlarning barchalariga moddiy yordam uchun 65 milliard 873 million so`m xayriya sifatida ajratildi.
Umumiy hisobda fond o`z faoliyatini boshlagandan bugunga qadar jami 74 944 873 000 so`m mablag`ni masjidlar qurilishi, ta'mirlanishi, texnik ta'minot va xodimlarni moddiy qo`llab-quvvatlash uchun xayriya sifatida yo`naltirilgan.
So`zim so`ngida ta'kidlab o`tmoqchimanki, “Vaqf” fondi mamlakatimizdagi masjidlar obodligiga hissa qo`shishda davom etadi va bu yo`lda saxovatpesha hamyurtlarimizni hamkorlik qilishga chorlab qoladi.
VAQF xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati rahbari Saidabror Umarov
Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.vaqf.uz ga havola ko'rsatilishi shart
©“Вақф” Barcha huquqlar himoyalangan 2018-2025