34

Shu yil 8 fevral' kuni bank boshqaruv raisi Chori Mirzayev va Islom taraqqiyot banki guruhi tarkibiga kiruvchi Hususiy tarmoqni rivojlantirish bo`yicha Islom korporatsiyasi (ICD) rahbari Ayman Amin Sejiniy o`rtasida onlayn ko`rinishda shartnoma imzolandi. Bu haqda “Turonbank” ATB matbuot xizmati xabar berdi.

– So`nggi 4 yil davomida O`zbekiston iqtisodiyoti, ayniqsa, bank tizimi xalqaro hamkorlar bilan ishlash masalasida ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida rivojlanmoqda. Bunda Davlatimiz rahbarining 2017 yil 20 dekabrdagi “Halqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikning samaradorligini yanada oshirish chora – tadbirlari to`g`risida” gi va 2019 yil 5 martdagi “Islom taraqqiyot banki guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhi jamg`armalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish chora – tadbirlari to`g`risida”gi qarori ayni islohotlarga huquqiy zamin bo`lib xizmat qilmoqda, – deydi “Turonbank” ATB Boshqaruv Raisi Chori Mirzayev. – Shuningdek, mamlakatimiz prezidentining Oliy Majlisga murojaatnomasida ham “Islom moliyasining huquqiy asoslarini yaratish vaqti keldi” deb aytgan tashabbusi ushbu sohaning mamlakatimizda juda muhimligi va iqtisodiyot rivojida o`rni juda yuqorilidan darak beradi.

Hususiy tarmoqni rivojlantirish bo`yicha Islom korporatsiyasi rahbari janob Ayman Amin Sejiniyning so`zlariga ko`ra, bugun O`zbekiston aniq reja asosida taraqqiyotning yangi bosqichini boshdan o`tkazmoqda. Deyarli barcha sohalarda xorij tajribasi asosida ish yurituvini tashkil etish, ayniqsa, iqtisodiy tarmoqning rivojlanishida sezilarli o`zgarishlar amalga oshirilayapti. Ishbilarmonlarga yaratilayotgan sharoitlar, mamlakatdagi kichik va o`rta biznes sub'ektlarini moliyalashtirish tizimi takomillashayapti.

“Fikrimning isbotini bugun biz yaqin hamkorimiz bo`lmish “Turonbank”ATB bilan imzolangan muhim hujjat ham isbotlaydi. “Islom darchalari” ko`plab o`zbek tadbirkorlari va aholisining qiziqishlarini orttirib, moliya muassasasiga ham katta foyda olib kelishiga ishonamiz. Hamkorligimiz doirasida shariat talablari asosida yangi bank mahsulotlarini yaratish, mijozlar bilan ishlash, bu borada zamonaviy axborot texnologiyalarini jalb etish, xodimlarning ayni yo`nalishdagi bilimlarini ham amaliy ham nazariy jihatda oshirishga yaqindan ko`mak berishga tayyormiz. Zero, bu orqali ikki tomonlama muvaffaqiyatli hamkorligimiz, strategik sheriklikning bir ifodasi sifatida ham gavdalanadi”, – deydi Hususiy tarmoqni rivojlantirish bo`yicha Islom korporatsiyasi rahbari janob Ayman Amin Sejiniy.

Darhaqiqat, “Turonbank” ATBda “islom darchasi”ni ishga tushishi o`zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va birgalikda qo`shma loyihalarni ro`yobga chiqarishga turtki berishi, shubhasiz. Natijada bank tomonidan aholiga ko`rsatilayotgan xizmatlar ko`lami kengayib, tadbirkorlik va kichik biznesni jadal rivojlantirish, Islom moliyasi tamoyillariga asoslagan chakana va korporativ mahsulotlarni taklif etuvchi instrumentni yaratish imkoni paydo bo`ladi.

Ma'lumot uchun, Turonbank Hususiy tarmoqni rivojlantirish bo`yicha Islom korporatsiyasi bilan 2019 yili Jidda shahrida 10 millionn AQSh dollarlik “Kichik va o`rta biznes sub'ektlari loyihalarini moliyalashtirish” to`g`risidagi shartnomani imzolagan edi. Uning doirasida ko`plab korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari oshirilib, yangi ish o`rinlari yaratildi.

Eslatib o`tamiz, yurtimizdagi “Halq” banki va “Transbank”da “Islomiy darchalar”ning ochilishi haqida xabar bergan edik.  


Muslim.uz

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.vaqf.uz ga havola ko'rsatilishi shart

©“Вақф” Barcha huquqlar himoyalangan 2018-2025