06.01.2021
199
O`zbekiston elchixonasi Pokistonning «Serene Air» aviakompaniyasining tijorat ishlari bo`yicha bosh direktori Holid Bashir bilan videokonferentsiya o`tkazdi, deb xabar beradi «Dunyo».
Onlayn-tadbirda O`zbekiston tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisining o`rinbosari Ulug`bek A'zamov, transport vazirining o`rinbosari Jasurbek Choriyev, Din ishlari bo`yicha qo`mita raisining o`rinbosari Muzaffar Komilov ishtirok etdi.
Muloqotda O`zbekiston ziyorat turizmini targ`ib qilish doirasida Islomobod va Toshkent o`rtasidagi charter reyslarining texnik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar o`zbek aviakompaniyalarining Pokistonga parvozlarini ko`paytirish, xususan, “Toshkent-Islomobod-Toshkent” yo`nalishini ochish masalasini ko`rib chiqdi.
Pokistonlik sheriklarga O`zbekiston rahbariyati tomonidan mamlakatimizning logistika imkoniyatlarining jozibadorligini oshirish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar, yurtimizdagi ayrim aeroportlarga «ochiq osmon» rejimi berilgani, xususan, ziyorat turizmi doirasida maxsus parvozlarni amalga oshirish uchun imtiyozlar to`g`risida batafsil ma'lumot taqdim etildi.
Uchrashuv davomida, shuningdek, Pokistondan yuk tashish reyslarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi, xususan, ishtirokchilar parvozlar geografiyasini kengaytirish to`g`risida kelishib oldi.
Anjumanning muhim kun tartibi pandemiyadan keyingi davrda ziyorat turizmi doirasida turizmni rivojlantirish masalasiga qaratildi. Hususan, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisining o`rinbosari U.A'zamov O`zbekistonning turizm sohasini rivojlantirish bo`yicha tajribasi va bugungi kunda ushbu tarmoqqa taqdim qilinayotgan imtiyozlar, xususan, respublika rahbariyati tashabbusi bilan sayyohlik sohasini qo`llab-quvvatlash doirasidagi «Cash Back» dasturi haqida to`xtaldi.
O`z navbatida, Holid Bashir aviakompaniya O`zbekistonga to`g`ridan-to`g`ri reyslarni amalga oshirishga to`liq tayyorligini bildirdi. Uning so`ziga ko`ra, bugungi kunda kompaniya parkida 5 ta «Boing 737-800» va bitta «A-330» samolyoti mavjud. Ushbu markadagi yana ikkita samolyot 2021 yil yanvar' oyining oxiriga qadar foydalanishga topshiriladi.
2020 yil mart oyida kompaniya IATAdan 2020 yil aprelidan BAA, Hitoy va Saudiya Arabistoniga muntazam xalqaro reyslarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olgan. Biroq pandemiya boshlanganligi sababli kompaniya ushbu rejani kechroq muddatga surdi. Shunga qaramay, kompaniya chet elda qolgan pokistonliklarni o`z vataniga qaytarishda faol ishtirok etdi va ushbu mamlakatlarga 55 ta reysni amalga oshirdi.
Yuqoridagilar, shuningdek, O`zbekiston va Pokiston aviatsiya ma'murlari o`rtasida ikki tomonlama kelishuvlar mavjudligini hisobga olgan holda, «Serene Air» qisqa vaqt ichida ziyorat turizmi doirasida O`zbekistonga charter reyslarini amalga oshirish uchun o`zbek tomoniga kerakli murojaatlarni yuboradi.
Tomonlar muntazam ravishda veb-seminarlar va alohida muzokaralar o`tkazishga qiziqish bildirdi.
muslim.uz
Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.vaqf.uz ga havola ko'rsatilishi shart
©“Вақф” Barcha huquqlar himoyalangan 2018-2025