16.02.2021
256
Rajab oyi qamariy oylarning ettinchisi bo`lib, urush harom qilingan ulug` oylardan biri hisoblanadi. Zero, “rajab” so`zi lug`atda “ulug`lash”, “hurmat bajo keltirish” ma'nolarini anglatadi. Johiliyat davri arablari ushbu oyni ulug`lagani va hurmatlagani bois u “rajab” deb atalgan.
Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qilgan: “Ey iymon keltirganlar! Allohning dini alomatlarini, harom oyni, atalgan qurbonlikni, osilgan belgilarni va Robbilaridan fazl va rozilik tilab Baytul-Haromni qasd qilib chiqqanlarni o`zingizga halol hisoblamang” (Moida surasi, 2-oyat).
Ulamolar ushbu oyatdagi “harom oy”dan murod: rajab, zulqa'da, zulhijja va muharram oylaridir, deganlar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu oyatni “Hajjatul vado”da o`qib, musulmonlarga muborak oylarning hurmati to`g`risida so`zlab berganlar.
Rajab oyi kirganda qanday duo qilish to`g`risida Anas ibn Molik roziyallohu anhudan quyidagi sahih hadis rivoyat qilingan: “Rajab oyi kirsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma baarik lanaa fiy rajabin va sha'bana, va ballig`naa romazona”, (Allohim! Rajab va sha'bon oylarida bizga baraka bergin va bizni ramazon oyiga etkazgin), der edilar” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Demak, rajab oyi kirganda ushbu duoni qilish sunnat hisoblanadi.
Rajab oyida muhim tarixiy voqealar yuz bergani rivoyat qilinadi. Jumladan:
- Nuh alayhissalom to`fon boshlanganda rajab oyining birinchi kuni kemaga minganlar;
- Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ilk vahiy rajab oyida nozil bo`lgan;
- Isro va Me'roj voqeasi ham mashhur qavlga ko`ra rajab oyida sodir bo`lgan.
Rajab oyida yuz bergani rivoyat qilinadigan muhim voqealar xronikasi quyidagilardan iborat:
Hijratdan avvalgi 9 yil, rajab oyi (nubuvvatning 5 yili / mil. 614 yil aprel'- may) – 16 nafar sahoba Habashistonga hijrat qildi (bu Islom tarixida «Habashistonga qilingan birinchi hijrat» nomi bilan qayd etilgan).
Hijratdan avvalgi 4 yil, rajab oyi (nubuvvatning 10 yili / mil. 619 yil fevral'-mart)
– Abu Tolib sakson etti yoshida olamdan o`tdi;
– Quraysh mushriklari yana hadlaridan oshib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ochiqchasiga ozorlar bera boshlashdi.
– Ayrim manbalarda Meroj voqeasi aynan shu oyda yuz bergani aytiladi (Ba'zi rivoyatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallam me'rojga robi'ul avval oyida chiqqanlar, deyilsa, ba'zilarida rajab oyi, yana boshqa rivoyatlarda esa boshqa oylarning nomi zikr qilingan).
Hijriy 2 yil, rajab oyi (mil. 624 yil yanvar') – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Jahsh Asadiy roziyallohu anhuni muhojirlardan o`n ikki kishiga bosh qilib, Quraysh karvoni haqida xabar olib kelish uchun Makka bilan Toif o`rtasidagi Naxla vodiyiga yubordilar (bu Islom tarixida «Naxla» sariyasi deb ataladi).
Hijriy 6 yil, rajab oyi (mil. 627 yil noyabr'-dekabr') – Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu sariyasi bo`ldi.
Hijriy 9 yil, rajab oyi (mil. 630 yil oktyab'r-noyabr')
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabuk g`azotidan ellik kun deganda Madinaga qaytdilar;
– ushbu g`azotdan so`ng Alloh taolo munofiqlarga nisbatan qattiqqo`llik bilan muomala qilishga buyurdi, sadaqalarini qabul qilish, ularga janoza o`qish, istig`for aytish va qabrlari ustida turishdan qaytardi;
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabuk g`azotidan qaytib kelganlaridan so`ng Alloh taoloning buyrug`i bilan makr-hiyla va fitna o`chog`i bo`lgan Ziror masjidini buzdirib tashladilar;
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabukdan qaytib kelganlaridan so`ng Uvaymir Ajloniy bilan ayoli o`rtasida «li'on» (Li'on – ayolini zino ustida ushlaganini da'vo qilgan odam agar bu da'vosiga to`rtta guvoh keltira olmasa, ayoli ham gunohiga iqror bo`lmasa, har ikkalasi qozi oldida o`zining haqligini aytib, to`rt marta guvohlik beradi va beshinchisida er: «Agar gapim yolg`on bo`lsa, menga Allohning la'nati bo`lsin», deb qasam ichadi, ayol ham beshinchisida: «Agar uning gapi rost bo`lsa, menga Allohning g`azabi bo`lsin», deydi) sodir bo`ldi;
– g`omidlik bir ayol zino qilganini e'tirof etib keldi (va homilasini tug`ib, o`g`lini sutdan ajratganidan so`ng unga toshbo`ron qilish hukmi ijro etildi);
– Najoshiy (Habashiston podshohi) Ashama rajab oyida, Tabuk g`azotidan so`ng vafot etdi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga Madinadan turib g`oyibona janoza namozini o`qidilar.
muslim.uz
Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.vaqf.uz ga havola ko'rsatilishi shart
©“Вақф” Barcha huquqlar himoyalangan 2018-2025