05.01.2021
214
So`nggi paytlarda jadal rivojlanib borayotgan va jahon moliyaviy makonini tobora ishonchli zabt etayotgan Islomiy moliya tizimiga bo`lgan qiziqish tobora kuchaymoqda. Yangi islomiy banklar, sug`urta tashkilotlari, investitsiya jamg`armalari paydo bo`lib, ushbu tizim musulmon bo`lmagan mamlakatlarda ham faol rivojlanmoqda.
Bugungi kunda Islom banklari daromadi yiliga 15-20 foiz, aktivlari esa 20 foizga oshmoqda.
Mamlakatimizda Islomiy moliyalashtirish ishlari 2004 yilda boshlangan bo`lib, bu O`zbekistonning Islom taraqqiyot banki (ITB) a'zoligiga qo`shilishi bilan bog`liq. Bu yurtimiz iqtisodiyoti uchun yangi yo`nalish bo`lib, unga bugun biznes tarafdan ham, aholi tomonidan ham ehtiyoj mavjud. Mamlakatimiz aholisining 90 foizidan yuqori qismi Islom diniga e'tiqod qilishi va e'tiqodi tufayli 15-20 foizga yaqin aholi an'anaviy kreditlash tizimidan foydalanmayotganini hisobga olsak, muqobil kreditlash tizimi orqali mazkur qatlam to`liq qamrab olinishi mumkin.
Musulmon davlatlaridagi mavjud islomiy moliyalashtirishga asoslangan banklar, investitsiya fondlari va kompaniyalarning mablag`larini yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va xususiy sektorni qo`llab-quvvatlash maqsadida jalb etish ayni muddaodir. Buning uchun, albatta, mamlakatimiz bank tizimiga yangicha yondashuv bilan nazar solmoq lozim. Ya'ni, an'anaviy moliyalashtirish mexanizmlari bilan bir qatorda sherikchilikka asoslangan moliyalashtirish mexanizmlarini ham joriy etish muhim hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga hamda xalqimizga qilgan Murojaatnomasida «endigi vazifa – chuqur tarkibiy islohotlar orqali uzoq muddatli barqaror o`sishning poydevorini yaratishdan iborat» ekani bejiz ta'kidlanmadi. Iqtisodiyotning real sektorini rivojlantirish uchun moliyaviy-investitsion resurslarni jalb etish usullaridan biri islomiy banking vositalari, islomiy kapital bozori hamda islomiy nobank va mikromoliyaviy muassasalardan foydalanish hisoblanadi. Shuningdek, moliyaviy xizmatlar, kapital va sug`urta bozorlarini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu sohada raqobat muhitini yaratish maqsadida davlat rahbari Murojaatnomada mamlakatimizda islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish bo`yicha huquqiy bazani yaratish vaqti-soati kelganini alohida e'tirof etib o`tdilar.
O`zbekiston bank-moliya tizimiga islomiy moliyalash tamoyilining tatbiq etilishi moliyalashtirishni yanada kengaytirish, ayniqsa, kichik va o`rta biznesni rivojlantirish, real ishlab chiqarishni rag`batlantirish, Islomiy moliyalashtirishni muvaffaqiyatli joriy etayotgan dunyoviy davlat sifatida O`zbekiston obro`sining ko`tarilishi, ijtimoiy adolatni mustahkamlash, muqobil moliyaviy mahsulotlar paydo bo`lishi hisobiga aholining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi. Ushbu sohaning rivoji g`arb mamlakatlari qo`llab-quvvatlovining oshishiga, sudxo`rlik, qarz yukining pasayishida va korxonalarni moliyaviy sog`lomlashtirishda muhim ahamiyatga ega bo`ladi.
Hulosa qilib aytganda, davlat rahbari o`z Murojaatida belgilab bergan vazifalarni amalga oshirish maqsadida hukumat an'anaviy banking bilan bir qatorda Islomiy moliya xizmatlarini rivojlantirish bo`yicha yo`l xaritasini ishlab chiqishi lozim. Ushbu yo`l xaritasi mavjud qonunchilikni (bank faoliyati, soliq, qimmatli qog`ozlar va sug`urta faoliyatiga doir qonunchilikka qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish) takomillashtirish, targ`ibot ishlarini olib borish, Islomiy moliya infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro hamkorlik va davlat-xususiy sherikchilik sektorini taraqqiy ettirish, ilmiy-o`quv ishlarini yaxshilash va investorlar bilan ishlashni o`z ichiga olishi zarur.
Jahongir ABDURASULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O`zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraktsiyasi a'zosi
muslim.uz
Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.vaqf.uz ga havola ko'rsatilishi shart
©“Вақф” Barcha huquqlar himoyalangan 2018-2025